Jaydari zotli qo‘ylar: go‘sht-yog‘ berishga ixtisoslashgan dag‘al junli, dumbali mahalliy qo‘y zoti. Bu qo‘ylar yaylov hamda qishloq sharoitiga moslashgan Unumdor yaylovlarga talabchan emas, o‘z semizligini tezda yo‘qotmaydi. Qo‘ylar 5–7 oyligida jinsiy yetiladi. 15–18 oyligida qochirishga qo‘yiladi. Bo‘g‘ozlik davri 145–155 kun. Ularda bitta yoki ikkitadan qo‘zi olinadi. Qo‘chqorlarning og‘irligi 60–180, sovliqlarniki 35–110 kg atrofida. So‘yim chiqimi 45–60%. Qo‘ylarning juni yiliga 2 marta – bahorda va kuzda qirqiladi. 1–4 kg jun olinadi. Junlar qalin movut, sholcha, gilam to‘qishda va kigiz bosishda ishlatiladi. Yiliga 50 kg gacha sut (yog‘liligi 6–7%) beradi.
Hisori zotli qo‘ylar: fermer xo‘jaliklarida hamda aholi tomorqa xo‘jaliklarida jadal urchitilmoqda. Chunki bu zotli qo‘ylar bir joyda muqim saqlab boqishga juda moslashgan.
Parvarishlash. Qo‘yxonada bir ona qo‘yga 1,5 m², axta qo‘ylarga 1 m², katta qo‘chqorlarga 2 m² joy ajratiladi. Bir bosh qo‘y har kuni 200-300 g omixta yem, 1 kg maydalangan pichan va sabzavot chiqindisi, makka silosi, senaj, somon va keragicha tuz bilan boqiladi. Qishda qo‘yning semizligidan qat’iy nazar kuniga 0,5 kg. dan maydalangan pichan beriladi. Bo‘g‘oz qo‘ylarga katta e’tibor berish kerak. Ularga tug‘ishida bir oy ilgari har kuni 0,4 kg. dan omixta yem yediriladi. Qo‘ychilik tarmoqlaridan Respublikamizda chorvachilikning yetakchi biri hisoblanadi. Qo‘ylarning qorako‘l, hisori, jaydari va jundor zotlari urchitiladi. Yoz oylarida qo‘ylarni chanqatib qo‘yish yoki issiqda qoldirish yaxshi boqilmaganga qaragandan ham xavfli. Chunki ularning o‘pkasi kasallanishi mumkin, kasallik esa qishga borib namoyon bo‘ladi.
Yozgi yaylovlarda issiqni pasaytiruvchi va chanqovni kamaytiruvchi sharoit yaratilishi kerak. Yozda qo‘ylar ochiq tekisliklarda, tepaliklarda va do‘ngliklarda o‘tlatiladi. Yosh qo‘zilari bo‘lgan sovliqlar eng yaxshi yaylovlarda boqiladi. Qo‘ylar ertalab va kechqurun o‘tlatiladi. Eng issiq soatlarda ochiq joyda, shamol esib turadigan maydonlarda dam oldiriladi.
MANBA:agro_uz
Ijtimoiy tarmoqlar:
