O‘zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi tizimidagi islohotlar doirasida Toshkent davlat agrar universiteti tashabbusi va hamkor tashkilotlar ishtirokida sut mahsulotlari sanoatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminar muvaffaqiyatli tashkil etildi. Seminar Codex Alimentarius komissiyasining “Gigiyenaning umumiy tamoyillari bo‘yicha amaliyot kodeksi” (2022) asosida o‘tkazilib, unda GHP va GMP gigiyena tamoyillari, pasterizatsiya jarayonidagi muhim nazorat nuqtalari, Listeria monocytogenes (ZERO Listeria) xavfini oldini olish masalalari keng muhokama qilindi. Seminar doirasida ishtirokchilar sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonaga amaliy tashrif bilan borib, o‘zlashtirilgan bilimlarni real ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbirda sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati inspektorlari, soha mutaxassislari hamda TDAU professor-o‘qituvchilari va talabalari faol ishtirok etdi.
Seminar yakunida barcha mashg‘ulotlarda to‘liq qatnashgan ishtirokchilarga ishtirok etganlik sertifikatlari topshirildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



