Toshkent davlat agrar universitetida xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish borasidagi ishlar amaliy natijalar bermoqda. Italiyaning Tuscia universiteti professorlari — Cristian Silvestri va Simone Severini universitetimizga tashrif buyurib, 3–4-bosqich talabalari uchun maxsus dars mashg‘ulotlarini olib bordilar. Ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan akademik almashinuv dasturi doirasida tashkil etilgan ushbu darslarda talabalar zamonaviy agroiqtisodiyot, barqaror rivojlanish va qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlar bo‘yicha xalqaro tajriba orttirish bilan birga, Italiyada tahsil olish imkoniyatlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Tashrif doirasida universitetning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, veterinariya meditsinasi, zootexniya va zootexnologiyalar kafedralarida seminar hamda mahorat darslari (master-klass) tashkil etildi. Ushbu amaliy mashg‘ulotlar talabalarga soha bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni bevosita o‘rganish va innovatsion texnologiyalar bilan tanishish imkonini berdi.
Xorijiy professorlar tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlar nazariy bilimlarni amaliy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda talabalarning global bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi tashabbuslar universitetimizda ta’lim sifatini oshirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘quv jarayoniga joriy etish borasidagi izchil ishlarning amaliy ifodasidir.
Ijtimoiy tarmoqlar:



