Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edi:
“Yuksak bilimli, dunyoqarashi keng, zamonaviy fikrlaydigan, texnologik savodxon yoshlari ko‘p bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot, o‘zaro jipslik hamisha barqaror bo‘ladi.” Yoshlarimizga sifatli ta’lim va tarbiya berish, zamonaviy kasb va hunarlar, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratish bugungi kunda eng asosiy vazifamiz va burchimizga aylangan. Chin ma’noda yoshlar mamlakatiga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekistonning har bir farzandiga ta’lim olish va izlanish uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalangan yoshlardan yana bir avlod bugun bakalavr hamda magistr diplomlarini qo‘lga kiritmoqda. Yakuniga yetgan o‘quv yilida Toshkent davlat agrar universitetini 36 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 14 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilar muvaffaqiyatli tamomladi. Jumladan, 1100 nafar kunduzgi, 1370 nafar sirtqi ta’lim yo‘nalishi hamda 21 nafar magistratura bosqichi bitiruvchilari diplomga ega chiqdi. Shuningdek, 19 nafar talaba qo‘shma ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli yakunladi. Toshkent davlat agrar universiteti bitiruvchilariga nafaqat diplom, balki ularning bandligini ta’minlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishda ham amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Xususan, “O‘zmilliybank” AJ bilan imzolangan shartnomaga asosan bitiruvchilarimizning ko‘plab loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, faqat 2025-yilning o‘zida 187 nafar talaba xorijiy davlatlarda amaliyot o‘tab qaytdi. Jumladan, 46 nafari Polshada, 121 nafari Germaniyada va 20 nafari Bolgariyada haq to‘lanadigan amaliyotlarda qatnashdi. Ushbu yutuqlarning zamirida, albatta, mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar va ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor turibdi. Bitiruv marosimi universitet rektori, professor Narzullo Naimovich Oblomuradovning kirish so‘zi bilan ochildi. O‘z nutqida rektor Toshkent davlat agrar universiteti bitiruvchilarni kelgusida olib boradigan ilmiy izlanishlarida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lganlar uchun universitet eshiklari har doim ochiq ekanligini alohida ta’kidladi.
Tadbirda senator, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ham ishtirok etib, bitiruvchilarga kelgusi faoliyatlarida omad va zafarlar tiladi.
Bitiruv marosimi ko‘tarinki kayfiyatda, haqiqiy bayramona ruhda o‘tdi. Universitet ijodiy jamoasi tomonidan namoyish etilgan musiqiy chiqishlar tadbirga yanada fayz va xush kayfiyat ulashdi.






