Toshkent davlat agrar universiteti rektorining vengriyalik maslahatchisi Zoltan Lakner tomonidan Agroiqtisodiyot, logistika va xizmatlar fakultetining Biznesni boshqarish yo‘nalishi talabalari uchun “Fermer xo‘jaliklarini optimallashtirishda raqamli iqtisodiyotdan foydalanishning eng muhim imkoniyatlari” mavzusida navbatdagi mahorat darsi yuqori saviyada tashkil etildi. Mashg‘ulot davomida raqamli iqtisodiyotning qishloq xo‘jaligidagi o‘rni, “aqlli” fermer xo‘jaliklarini shakllantirish, katta ma’lumotlar (Big Data), sun’iy intellekt hamda raqamli platformalardan samarali foydalanish masalalari atroflicha yoritildi. Zoltan Lakner fermer xo‘jaliklarida xarajatlarni kamaytirish, hosildorlikni oshirish va bozor talabiga moslashishda raqamli yechimlarning ustuvor jihatlarini aniq misollar orqali tushuntirib berdi.Shuningdek, logistika zanjirlarini raqamlashtirish, mahsulotlarni yetkazib berish tizimini optimallashtirish hamda xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. O‘qituvchilar va talabalar mashg‘ulot jarayonida faol ishtirok etib, guruhli muhokamalarda qatnashdilar hamda o‘z loyihalari yuzasidan mutaxassis fikrini oldilar.
Mazkur mahorat darsi talabalarning zamonaviy iqtisodiy fikrlashini shakllantirish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni kelajakdagi professional faoliyatga puxta tayyorlashda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Uchrashuv savol-javoblar, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida qizg‘in muhokama hamda fikr almashuvlarga boy tarzda o‘tdi.
Ijtimoiy tarmoqlar:


