Your Heading
O‘zbekiston texnologik sohasida eng yirik va nufuzli tanlovlardan biri — President Tech Award 2025 xakatoni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov yoshlarning innovatsion g‘oyalari, texnologik tafakkuri va ijodiy yondashuvlarini namoyish etish maqsadida tashkil etilgan. Xakaton 3 kun davom etdi, unda mamlakatning turli hududlaridan kelgan eng iqtidorli yoshlar 52 ta jamoa tarkibida ishtirok etdilar. Ular sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, ekologiya, agrosanoat va boshqa yo‘nalishlarda o‘z g‘oyalarini himoya qildilar. Ana shu g‘oyalar orasida Toshkent davlat agrar universiteti jamoasi – TDAU_TEAM alohida faolligi va ilmiy yondashuvi bilan ajralib turdi. Jamoa a’zolari o‘zining innovatsion loyihasi orqali hakamlar hay’atining e’tiborini qozonib, tanlov yakunida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi! G‘oliblik uchun TDAU_TEAM jamoasiga 100 000 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti topshirildi. Bu mukofot nafaqat ularning mehnati va ijodkorligini qadrlash, balki keyingi bosqichda loyihani amaliyotga joriy etish, uni tijoratlashtirish va keng miqyosda rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratadi.
Bu g‘alaba TDAU_TEAMning bilim, jamoaviylik va innovatsion fikrlashga asoslangan mehnati samarasi bo‘lib, Toshkent davlat agrar universitetining texnologik salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. TDAU_TEAM jamoasini chin yurakdan tabriklaymiz! Ularning muvaffaqiyati, O‘zbekiston yoshlarining texnologik kelajakka dadil qadam tashlayotganining yorqin isbotidir!
Ijtimoiy tarmoqlar:



