Bugun Toshkent davlat agrar universitetida Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Dastlab mehmonlarga universitet iqtidorli talabalari ijodidan namunalar taqdim etildi. “Art Galereya” ko‘rgazmasida namoyish etilgan san’at asarlari mehmonlarda katta taassurot qoldirib, ular yosh ijodkorlarning iste’dodiga yuksak baho berdilar.
Xitoyning yetakchi oliygohlarining rahbarlari ya’ni Sychuan qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Vu De , Chengdu xalqaro tadqiqotlar universiteti rektori Chjan Xuachun, Sychuan pedagogika universiteti rektori Chjao Guoxualar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan tomonlar ta’lim va ilmiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda professor-o‘qituvchi va talaba almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalarni muhokama qildilar. Eng muhim yangilik shundaki, Toshkent davlat agrar universiteti va Sychuan qishloq xo‘jaligi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki oliygoh o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, talabalarga xitoy tilini chuqurroq o‘rganish, uni amaliyotda qo‘llash hamda xalqaro hamkorlik loyihalarida faol ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur memorandum doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, qo‘shma ta’lim va ilmiy tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, qo‘shma laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish, shuningdek qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya va boshqa sohalarda institutsional hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy tarmoqlar:




