Toshkent davlat agrar universiteti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti hamda PUBG MOBILE hamkorligida tashkil etilgan ekologik missiya muvaffaqiyatli yakuniga yetdi. Ushbu tadbir oddiy uchrashuv emas, balki virtual olam va real tabiatni birlashtirgan haqiqiy eko-kollaboratsiya bo‘ldi. Jumladan, “Kelajakni asrash o‘zimizdan boshlanadi” shiori ostida o‘tkazilgan seminar-treningning ochilish qismida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xodjayeva Moxira Mirzaaxmedovna hamda Toshkent viloyati Ekologik partiyasi kengashi raisi Axmedjanov Furqatjon Raximjonovich so‘zga chiqib, ekologik mas’uliyat va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni haqida fikr bildirdilar. Eng faol, chaqqon va bilimdon ishtirokchilar PUBG MOBILE’ning eksklyuziv sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tadbirda ishtirok etgan barcha talabalarga tashakkur bildiriladi. Eko-missiya doirasida PUBG MOBILE vakillari uchun Toshkent davlat agrar universiteti bo‘ylab maxsus tanishtiruv sayohati tashkil etildi. Mehmonlarni universitet Yoshlar yetakchisi S. Muhammadaminov hamda mas’ul xodimlar kutib olib, zamonaviy o‘quv binolari va ilmiy muhit bilan tanishtirdilar.
Jarayon davomida Zooinjeneriya fakulteti qoshida Janubiy Koreya Respublikasining Gyeongkuk (Andong) milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan laboratoriya mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik fakultetidagi tuproq eksponatlari burchagi orqali yurtimiz tuproqlarining boy xilma-xilligi va ularni asrash ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Universitetning eng mahobatli inshootlaridan biri bo‘lgan “Renessans” majmuasi ilm-fan va madaniyat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgani bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ijtimoiy tarmoqlar:

