logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

Toshkent davlat agrar universitetida baliqchilik va sholichilik yo‘nalishida o’quv kurslari yakunlandi

view 23

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi PF–5853-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) tomonidan Toshkent viloyatida baliqchilik va sholichilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan rahbar hamda mutaxassislar uchun bir haftalik 36 soatlik o'quv kurslari tashkil etildi. Kurslar davomida tinglovchilar baliqchilik va sholichilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirishni ilmiy asosda tashkil etish, zamonaviy texnika va texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayoniga joriy etish hamda tarmoq samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or tajribalar bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlashdi. O‘quv jarayonida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Yakunda o‘tkazilgan nazorat jarayonida tinglovchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etib, o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomladilar hamda ularga tegishli sertifikatlar topshirildi. Ma’lumot o‘rnida Bugungi kunda respublikamizda sholi yetishtirishni ko‘paytirish, sohaga zamonaviy resurs va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek sho‘r hamda qurg‘oqchilikka chidamli yangi navlarni yaratish bo‘yicha istiqbolli ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Resurs tejovchi texnologiyalarni qo‘llash natijasida urug‘lik sarfi sezilarli darajada kamaytirilib, ko‘chat usulida ekishda an’anaviy me’yor (180 kg/ga)ga nisbatan 125 kg, zamonaviy seyalkalarda ekilganda esa 70 kg gacha urug‘lik iqtisod qilinishi ilmiy asoslab amaliyotga joriy etildi. Natijada so‘nggi 5 yil davomida hosildorlik 15 sentnerga oshib, ilg‘or fermer xo‘jaliklarida 80–100 s/ga gacha hosil olishga erishildi. 2025-yilda respublika hududlarida 65,3 ming gektar asosiy maydonlarda sholi ekildi. Shundan 44,4 ming gektari (68%) lazerli tekislanib, 46,1 ming gektari (70%) zamonaviy seyalkalarda ekildi. Takroriy maydonlarda esa 97,1 ming gektar maydonda sholi yetishtirildi. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib respublikada guruchga bo‘lgan talab qariyb 400 ming tonnaga yetib, ya’ni 112 foizga oshishi kutilmoqda. Bu esa sholichilik hamda unga bog‘liq tarmoqlarni yanada rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.

Mazkur o'quv kurslari TDAUning agrar soha mutaxassislarini tayyorlash, ilmiy yutuqlarni amaliyotga joriy etish hamda hududlarda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini samarali rivojlantirishdagi muhim tashabbuslaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.