Toshkent davlat agrar universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, professor S.Sh. Xalmirzayeva tomonidan kafedra professor-o‘qituvchilari hamda O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakulteti Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishining 25-M guruhi talabalari ishtirokida “O‘zbek tilini sohada qo‘llanilishi, o‘qitishdagi mavjud muammolar va istiqbollari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Mashg‘ulot jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan — “Charxpalak”, “Muammo”, “BBB” jadvali hamda “Zinama-zina” usullaridan samarali foydalanildi. Darsning kirish qismida termin va atama tushunchalarining o‘xshash va farqli jihatlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, iqtisodiy terminlarning shakllanishi jamiyat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq holda har bir davrda sohaviy atamalarning son va sifat jihatidan takomillashib borishi misollar orqali tushuntirildi. O‘zbek tili terminlarining morfologik, sintaktik va semantik turlariga oid misollar keltirildi.
Bundan tashqari, ikki, uch va to‘rt komponentli birikma terminlarining yasalishi haqida atroflicha tushuncha berildi. Mazkur mahorat darsi ilmiy va metodik jihatdan yuqori saviyada tashkil etildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:

