Bugun Toshkent davlat agrar universitetida oliygoh rahbariyati Vengriya Milliy assambleyasi raisining o‘rinbosari janob Ishtvan Yakab bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mehmonga O‘zbekiston Respublikasidagi Vengriya Favqulodda va Muxtor Elchisi Yojef Roja hamrohlik qildi. Tashrif doirasida yuksak martabali mehmon universitet professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari uchun mahorat darsi o‘tkazdi. O‘z chiqishida Ishtvan Yakab ilg‘or bilim va amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, Vengriyaning muvaffaqiyatli Master Good kompaniyasi faoliyati hamda agrar sohaga oid zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Vengriya xalqlarini tarixiy ildizlar va ko‘p yillik do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi hamda muntazam yuqori darajadagi uchrashuvlari tufayli strategik hamkorlik izchil mustahkamlanib bormoqda. Bu jarayon ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarini ham qamrab olmoqda.
Tomonlar, xususan, joriy yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga amalga oshirgan tashrifi natijalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi.
Universitetning xalqaro hamkorlik, transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori Abduvasikov Abduaziz Abduazizovich mehmonni O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirdi.
Toshkent davlat agrar universitetining 95 yillik yubileyi arafasida Ishtvan Yakab samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. U, shuningdek, Vengriya O‘zbekiston bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi har yili o‘zbekistonlik talabalarga Vengriya oliygohlarida bepul tahsil olishlari uchun 200 ta grant o‘rni ajratadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar faol hamkorlikni davom ettirish, akademik almashinuvlar va qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish, bu orqali ta’lim va agrar fan taraqqiyotiga xizmat qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ijtimoiy tarmoqlar:



