Toshkent davlat agrar universiteti 95 yillik tarixiy yubileyini yuqori ruhda, mazmunli tadbirlar bilan qarshi oldi. Bayram dasturi “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bilan boshlandi. Universitet rektori kirish so‘zida oliygohning tarixiy yo‘li, bugungi yutuqlari va yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlarni ta’kidlab, faxriy bitiruvchilar va talabalarga samimiy tilaklar bildirdi. Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni A. Eshmatov, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktorining o‘rinbosari O. Amanov, “Parkent Plants” MCHJ rahbari Sh. Abrorov, Sirdaryo viloyati “Navbahor” MFY raisi J. Rahmonov kabi taniqli bitiruvchilar ishtirok etib, yosh avlodga o‘z hayotiy saboqlarini ulashdilar. Ular tomonidan “Har bir talaba – bir ko‘chat, bir kitob” tashabbusi ilgari surildi. Bayramning keyingi qismi “AgroTech–2025” Respublika startap tanloviga bag‘ishlanib, yosh innovatorlar o‘z ishlanmalarini taqdim etdilar. Rektor N. Oblomuradov yoshlarning ilmiy salohiyatini rag‘batlantirish va ularning g‘oyalarini amaliyotga joriy etish muhimligini alohida ta’kidladi. Tadbirlar zanjiri “Xon Atlasning Sehrli Jilosi” festivali bilan davom etdi. Talaba-qizlar tomonidan atlas va adras matolarida yaratilgan liboslar taqdim etilib, milliy urf-odatlarimiz “Kelin salom”, “Alla”, “Lazgi” kabi raqslar orqali ifodalandi. O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi A. Axmedjanova, Senat Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari S. Abdikarimova hamda universitet ayol olimalari faol ishtirok etdilar. Faol ishtirokchilar tashakkurnoma va 95 yillik ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Shu kuni universitet sport maydonida “TDAU kubogi” kurash bo‘yicha xalqaro turnirining taqdirlash marosimi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi. Rektor Narzullo Oblomuradov sportchilarni tabriklab, ularning mehnatsevarligi, g‘alabaga ishonchi va yurt nomini ulug‘lashdagi fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikasidan kelgan talaba-yoshlar, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 9 ta oliy ta’lim muassasasi sportchilari ishtirok etdi.
Hakamlar hay’ati raisi sifatida Koreya Respublikasidan Kim Eoor Jong qatnashgani turnirga xalqaro ruh bag‘ishladi. Jahon chempioni Abdulla Tangriyev va xalqaro sport ustalari ishtiroki esa musobaqaning nufuzini yanada oshirdi. “TDAU kubogi” nafaqat sportchilar uchun, balki barcha ishtirokchilar uchun do‘stlik, jismoniy barkamollik va g‘alabaga bo‘lgan ishonch timsoliga aylandi. Tadbir kurash sport turini xalqaro miqyosda rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda milliy g‘ururni mustahkamlashga xizmat qildi. Bayram tadbirlari “Bo‘ston” ashula va raqs ansambli chiqishlari bilan bezatilib, talabalar va mehmonlar uchun unutilmas lahzalar yaratildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



