Toshkent davlat agrar universitetida talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy kamoloti, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalanishi hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Fakultetlarda “Milliy liboslar kuni”, “Milliy libos — millat g‘ururi”, “Sochi uzun qizlar” kabi mavzularda chellenj va davra suhbatlari o‘tkazilib, milliy liboslarimizning nafisligi, soch o‘rish an’analari, ayol ziynati va iffat timsoli haqida atroflicha fikr almashildi. Talabalar milliy liboslarda ishtirok etib, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan boy madaniy merosni namoyon etdilar. Universitetda kitobxonlikni targ‘ib etish maqsadida kitob yarmarkalari, davra suhbatlari hamda ijodiy uchrashuvlar ham tashkil qilinmoqda. Professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirokida kitobning inson hayotidagi o‘rni, ilm va ma’rifatning ahamiyati, badiiy adabiyotning tafakkur rivojidagi o‘rni haqida mazmunli suhbatlar olib borildi. Shuningdek, taniqli ijodkorlar bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvlar talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, ularda vatanparvarlik, ilmga muhabbat va adabiyotga qiziqish tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “Kelajak soati” doirasidagi ma’rifat darslari, “Bir yaxshilik” mavzusidagi suhbatlar esa yoshlar qalbida mehr-oqibat, saxovat, insonparvarlik kabi ezgu fazilatlarni yanada mustahkamlashga qaratildi. Shuningdek, O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik fakulteti Yoshlar ittifoqi Harbiy-vatanparvarlik koordinatori T.Mehmonaliyev va Agrokimyo va tuproqshunoslik kafedrasi assistenti S.Xurramov tomonidan tashkil etilgan "Sog‘lom talaba – kuchli kelajak" nomli shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi
O‘tkazilayotgan barcha tadbirlar talabalarning nafaqat bilim olishi, balki milliy o‘zligini anglash, ma’naviy yetuk va komil inson bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar:


