Zuyev Vladimir Ilich ismi qishloq xo’jaligi sohasiga dahldor bo’lgan jamiiyki insonga tanish. Boisi, bu inson umrining 70 yildan ziyodini qishloq xo’jaligi sohasiga baxshida etgan. Mehnat faoliyatini Toshkent Davlat meva-ko‘chatchilik korxonasida agrotexnik lavozimidan boshlagan Vladimir Zuyev Ilich yillar davomida o’z ustida ishlashi va tinimsiz izlanishlari natijasida qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, Xalqaro Agrar ta’limi akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi kabi unvonlarga erishdi. Ustozning agrar sohaga qo’shgan hissasi beqiyos. Xususan ustoz, 14 ta rayonlashtirilgan navlar: 2 ta tarvuz, 1 ta qovun, 3 ta issiqxona uchun bodring navlari, ochiq dala uchun 6 ta bodring navlari, 1 ta daykon va 1 ta sabzavot soyasi navlarining asosiy mualliflaridan bo‘lib, 1 ta ixtiro uchun mualliflik guvohnomasi va 1 ta patent hammuallifi hisoblanadi. Bundan tashqari V.I.Zuyev 438 dan ortiq o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy nashrlar, 39 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalari, 26 ta o‘quv-uslubiy materiallar, 29 dan ortiq monografiya va risolalar muallifi hisoblanadi.
Ustoz 95 yoshli yubileyini shogirdlari, keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda qarshi oldi. Toshkent davlat agrar universitetida faxriy ustozni qutlash uchun uning hamkasblari, shogirdlari va do’stlari jam bo’ldi. Kengashning har bir ishtirokchisi Vladimir Ilich Zuyev bilan bog’liq xotiralarni yodga olib, ularning ijobiy hislatlari haqida fikr bildirdi, o’z tuhfalarini taqdim etdi. Yakunda bayram dasturxoni yozilib, bir piyola choy ustida maroqli suhbatlar qurildi.
Ijtimoiy tarmoqlar: