Toshkent davlat agrar universitetida Xitoy Xalq Respublikasining Chongqing Technology and Business Institute (Chunsin texnologiya va biznes instituti) delegatsiyasining rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya vakillarini TDAUning xalqaro hamkorlik, transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha prorektori Abduaziz Abduvasikov kutib olib, uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, raqamli texnologiyalar va intellektual ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusi doirasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda kollej bitiruvchilarining Agrar universitetda ta’limni davom ettirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Delegatsiya tarkibida Chongqing Technology and Business Institute xalqaro hamkorlik, raqamli media, intellektual ishlab chiqarish hamda shahar qurilishi va injiniring yo‘nalishlari rahbar xodimlari ishtirok etdilar. Shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha ham istiqbolli takliflar ilgari surildi va tomonlar bu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Ushbu tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy, ta’limiy va innovatsion hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ijtimoiy tarmoqlar:





