Bugungi kunda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning tarixiy xotirasini mustahkamlash va ma’naviy dunyoqarashini boyitish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Toshkent davlat agrar universitetida talaba-yoshlar ishtirokida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda tashriflar muntazam tashkil etilmoqda. Xususan, Agroiqtisodiyot, logistika va xizmatlar fakulteti tyutorlari M. Jo‘rayeva va G. Xalikulovalar tashabbusi bilan bir guruh ko‘ngilli talabalar Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif davomida talabalarga jadidchilik harakati, uning namoyandalari hamda ular qoldirgan boy meros haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, jadidlar merosi — o‘tmishni anglash, bugunga quvvat olish va kelajakka ishonch bilan qarashda muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, fakultet tyutori D. Maxmudova tashabbusi bilan talabalar Shahidlar xotirasi majmuasiga tashrif buyurib, ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Tashrif davomida O‘zbek tili kafedrasi o‘qituvchisi N. Mamasoliyeva majmuaning tarixi va ma’naviy ahamiyati haqida so‘z yuritib, yoshlarni ajdodlar merosini e’zozlashga da’vat etdi. Bu kabi tashriflar talabalarda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Tarixiy obidalarga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida tyutor U. Ayitboyeva boshchiligida talabalar Ko‘kaldosh madrasasiga sayohat uyushtirdilar. Ushbu maskanda talabalar madrasa tarixi, uning me’moriy xususiyatlari hamda milliy qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, milliy hunarmandchilik namunalarini tomosha qilish yoshlarning madaniy merosimiz haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Shu yo‘nalishda yana bir muhim tashrif tyutor U. Ayitboyeva tashabbusi bilan Suzuk Ota majmuasiga amalga oshirildi. Talabalar majmuaning boy tarixi, me’moriy yechimlari va ma’naviy ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ushbu tashrif davomida ular tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishib, o‘z bilim va dunyoqarashlarini kengaytirdilar.
Bundan tashqari, O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik fakulteti talabalari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, insoniyat tarixining turli bosqichlari, qadimgi madaniyat, tibbiyot, me’morchilik va dehqonchilik sohalari rivoji bilan tanishdilar. Ushbu tashrif talabalar uchun katta taassurot qoldirdi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida Abdulla Qodiriy uy-muzeyida buyuk adib Abdulla Qodiriy tavalludining 132 yilligi keng nishonlandi. Tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti talabalari ham faol ishtirok etib, adibning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, Isamat Ergashevning ishtiroki tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Adibning mashhur Mehrobdan chayon asari yoshlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.
Xulosa qilib aytganda, bunday ma’naviy-ma’rifiy tashriflar talaba-yoshlarning tarixiy ongini oshirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda ularning ma’naviy kamolotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelajakda Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatli va yetuk kadrlar yetishib chiqishiga xizmat qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlar:






