Bugun Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomuradov, universitet professor-o‘qituvchilari va faol talaba-yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuv davlatimiz rahbari tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan hamda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida vazir:
"Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda yoshlar doimo harakatda bo‘lishi, bir joyda to‘xtab qolmasligi va har kuni yangi bilimlarni o‘rganib borishi zarur",
— deya ta’kidladi. Shuningdek, u kuzatuvchanlik, intiluvchanlik va tashabbuskorlik har bir yosh uchun muhim fazilat ekanini qayd etdi.
Vazir o‘z nutqida har bir yoshda alohida iste’dod mavjudligini, biroq uni yuzaga chiqarish insonning o‘ziga bog‘liq ekanini alohida urg‘uladi. Suhbat jarayonida ijodkorlikni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan samarali foydalanish, shuningdek, “HECI” o‘quv dasturi haqida ham batafsil fikrlar bildirildi.
Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tdi. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, vazirdan to‘liq va mazmunli javoblar olishdi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



