Toshkent davlat agrar universiteti hamda "Toshkent traktor zavodi" MCHJ hamkorligida tashkil etilgan agrar soha va muhandislik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari uchun respublika o‘quv-amaliy seminari boshlandi. Seminarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari Davron Hidoyatov hamda respublika bo‘ylab 20 ga yaqin OTM rektorlari, prorektorlar va soha mutaxassislari ishtirok etishmoqda. Seminar davomida ishtirokchilar zavod tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari va ularni ishlab chiqarish jarayoni, dunyoga mashhur "Claas" kombaynlari yig‘uv jarayoni va TDAU talabalari uchun yaratilgan dual ta’lim tizimining amaliy natijalari bilan yaqindan tanishdilar. E’tiborli jihati shundaki, ayni paytda zavodda dual ta’lim asosida tahsil olayotgan talabalarga nafaqat bilim, balki to‘liq ijtimoiy paket taqdim etilmoqda. Jumladan: bepul transport va issiq tushlik, maxsus ishchi formasi, 3 million so‘mga yaqin oylik maosh.
Ishtirokchilar tomonidan ushbu ijobiy tajribani boshqa OTMlarda ham keng joriy etish va dual ta’lim tizimining istiqbollari qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar:

