logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

TDAU olimlari yaratgan “Toshkent” mandarin navi — mahalliy sitruschilikdagi muhim yutuq

view 22

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida import o‘rnini bosuvchi, yuqori hosildor va mahalliy iqlim sharoitlariga mos navlarni yaratish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada Toshkent davlat agrar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan “Toshkent” mandarin navi mahalliy seleksiya yutuqlarining yorqin namunasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Mazkur nav Toshkent davlat agrar universiteti tajriba maydonlarida olib borilgan ko‘p yillik ilmiy izlanishlar natijasida yaratilgan bo‘lib, uning mualliflari professorlar Faxrutdinov M.Z. va Jurayev S.T. hisoblanadi. Olimlar tomonidan Unshu navini F-2 avlodida payvandlash asosida sintetik seleksiya usuli qo‘llanilib, yangi va istiqbolli mandarin navi yaratildi.

“Toshkent” mandarin navi 2019-yilda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, NAP 00276-sonli patent bilan himoyalangan. Bu esa navning ilmiy jihatdan yangiligi va amaliy ahamiyatini tasdiqlaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nav issiqxona sharoitlarida yetishtirish uchun moslashtirilgan bo‘lib, daraxtning bo‘yi 2,5–2,75 metrni tashkil etadi. Pakana o‘suvchi ushbu nav parvarishlash va hosil yig‘ib olish jarayonlarini yengillashtiradi. O‘simlikning vegetatsiya davri 200 kun bo‘lib, birinchi hosilini 5–7 yil ichida bera boshlaydi.

Navning asosiy afzalliklaridan biri uning yuqori hosildorligidir. To‘g‘ri agrotexnik tadbirlar qo‘llanilganda bir gektar maydondan 80–100 tonnagacha hosil olish mumkin. Mevalari och qizil rangga ega bo‘lib, yassi shaklda, 200–300 gramm vaznda yetiladi. Shuningdek, ular vitaminlarga, ayniqsa C vitaminiga boyligi bilan ajralib turadi.

“Toshkent” mandarin navi Toshkent davlat agrar universiteti olimlarining ilmiy salohiyati va agrar sohada olib borilayotgan innovatsion tadqiqotlarning amaliy natijasi sifatida mamlakatimiz sitruschiligi rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar:


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.