Navoiy viloyatida agrar sohani rivojlantirish yuzasidan ilmiy-amaliy uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-apreldagi PQ–135-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti rektori, professor Narzullo Oblomuradov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar va olimlardan iborat universitet jamoasi Navoiy viloyatida bo‘ldi.
Tashrif doirasida Navoiy viloyati Karmana tumanida viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari San’atillo Hikmatov, soha mutasaddilari, klaster rahbarlari, fermer xo‘jaliklari vakillari, universitetga biriktirilgan 19-sonli maktab pedagoglari hamda universitet olimlari ishtirokida ilmiy-amaliy uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, universitet ishchi guruhi Karmana tumanida fermer xo‘jaliklari, klaster korxonalari va tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazib, agrar sohada ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, loyiha ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish hamda ishlab chiqarishdagi muammolarga ilmiy yechimlar ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Toshkent davlat agrar universiteti, Karmana tumani hokimligi, "Baxt Textile" MCHJ, "Navbaxor Textile" MCHJ, "BAXROM RIZO", "ISTIQBOL" va "SAFO SEVDI" fermer xo‘jaliklari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Memorandumlar doirasida loyiha ofislarini tashkil etish, dual ta’lim tizimini rivojlantirish, talabalar amaliyotini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish hamda agrar soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Ijtimoiy tarmoqlar:






