Toshkent davlat agrar universiteti o‘zining sharafli 95 yillik tarixiy yubileyini munosib nishonlashga tayyorgarlik ishlarini izchil davom ettirmoqda. Shu munosabat bilan universitet rektori, professor N. Oblomuradov raisligida tegishli rahbarlar ishtirokida navbatdagi muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda prorektorlar, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlari hamda boshqa mas’ullar qatnashdi. Tadbirda yubileyga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar, tashkiliy masalalar va ijodiy tashabbuslar muhokama qilindi.
Yubiley tadbirlarini samarali va tizimli tashkil etish maqsadida maxsus ishchi shtab tuzildi. Mazkur shtab yubiley munosabati bilan rejalashtirilgan ilmiy-amaliy anjumanlar, taqdimotlar, ko‘rgazmalar va madaniy-ma’rifiy loyihalarni muvofiqlashtirib boradi. Yig‘ilish davomida universitet olimlari tomonidan yaratilgan yangi navlar, ilmiy ixtirolar va patentlarni jamlab, ularni alohida ko‘rgazma hamda nashrlar orqali taqdim etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, agrar sohada ilmiy maktab yaratgan taniqli olimlar haqida maxsus kitob tayyorlanmoqda. Bu nashr universitetning ilmiy salohiyati va akademik merosini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Toshkent davlat agrar universitetining 95 yillik bosib o‘tgan yo‘li, erishilgan yutuqlar, xalqaro hamkorlikdagi ilg‘or tajribalar va yetishib chiqqan mashhur bitiruvchilar haqida yubiley nashri chop etilishi rejalashtirilgan. Ushbu kitobda universitet tarixiga oid muhim sanalar, faktlar va zamonaviy rivojlanish bosqichlari o‘z aksini topadi. Mazkur nashrning taqdimot marosimi yubiley dasturining asosiy tadbirlaridan biri bo‘ladi.