Bugun yoshlar hayotidagi eng dolzarb masalalardan biri ularning kelajakdagi kasbiy yo‘li va bandligini ta’minlashdir. Ana shu maqsadda Toshkent davlat agrar universitetida “Bitiruvchilar bandligi – 2025” dasturi doirasida navbatdagi muhim tadbirlar o‘tkazildi. Mazkur tashabbus Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilib, yoshlarni ish bilan ta’minlash yo‘lida samara bermoqda. Ushbu seminar doirasida 30 ga yaqin yirik korxona rahbarlari, tadbirkorlar va Toshkent viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bir maydonda jam bo‘ldi. Tadbirkorlar va yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlar davomida bitiruvchilar o‘z startap g‘oyalari va tashabbuslarini taqdim etdi, real ish imkoniyatlariga ega bo‘ldi. Tadbir doirasida universitetning iqtidorli talabalarining ijodiy ishlari namoyish etilgan “Art Galereya” ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bu yoshlarning estetik qarashi, badiiy didi va ichki dunyo boyligini namoyon etdi.
Ma’lumot uchun: Toshkent davlat agrar universitetida o‘tkazilayotgan bunday keng ko‘lamli tadbirlar yoshlarning nafaqat bandligini ta’minlashga, balki ularning ijtimoiy faolligi, tadbirkorlik salohiyati va ijodiy fikrlashini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.



