Toshkent davlat agrar universitetida buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan hamda madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur vorislari” shiori ostida yuksak saviyadagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori, professor Narzullo Oblomuradov ishtirok etib, Sohibqiron jahon tarixida nafaqat yengilmas sarkarda, balki adolatli davlat boshqaruvi va yuksak madaniyat asoschisi sifatida e’tirof etilishini, uning merosi bugungi kun uchun ham dasturilamal ekanligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda faxriy mehmon sifatida qatnashgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov hamda professor Sayyora Xolmirzayevalarning chiqishlari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xususan, yozuvchi Muhammad Ali o‘zining 4 kitobdan iborat “Ulug‘ saltanat” roman-epopeyasi asosida Sohibqironning yoshlik yillari, shaxs sifatida shakllanishi va davlatchilik borasidagi noyob qirralari haqida so‘zlab berdi.
Suhbat davomida Amir Temurning “Kuch — adolatdadir” tamoyili, qat’iy intizom va vatanparvarlik g‘oyalari bugungi yosh avlod tarbiyasida eng muhim poydevor ekanligi qayd etildi. Tadbir nafaqat tarixiy bilimlar berdi, balki yoshlar qalbida milliy g‘urur va ajdodlar merosiga nisbatan yuksak ehtirom tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbir yakunida universitetning “Bo‘ston” ansambli tomonidan ijro etilgan “Sohibqironim bor mani” taronasi barchaga ko‘tarinki kayfiyat va bayramona ruh bag‘ishladi.
Ijtimoiy tarmoqlar:






