Toshkent davlat agrar universiteti delegatsiyasi TIKA va Ozarbayjon davlat agrar universiteti taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasining Ganja shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi. TDAU rektorining xalqaro maslahatchisi, professor Zoltan Lökner hamda Agromuhandislik va agrotexnologiyalar fakulteti dekani M. Djiyanovlar 2025-yil 20–23-oktabr kunlari Ozarbayjon davlat agrar universitetida o‘tkazilayotgan “5th International Conference on Research in Agricultural and Food Technologies (I-CRAFT 2025)” xalqaro ilmiy anjumanida faol ishtirok etmoqda. Konferensiyada AQSH, Vengriya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Iordaniya, Malayziya, Pokiston, Ozarbayjon va Turkiya kabi mamlakatlarning yetakchi universitetlari ishtirok etmoqda. Quvonarlisi, ushbu xalqaro nufuzli konferensiyaning rasmiy a’zolari qatorida Toshkent davlat agrar universiteti ham bor. Universitetimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan 20 dan ortiq ilmiy maqolalar taqdim etilgan bo‘lib, ular Scopus bazasida ro‘yxatdan o‘tgan Q4 toifadagi jurnalda chop etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur xizmat safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – Toshkent davlat agrar universiteti ning xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yuqori reytingli xorijiy universitetlar bilan qo‘shma loyihalar va ilmiy seminarlar tashkil etish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishishdir.
Ijtimoiy tarmoqlar:

