Universitet hududida yashil makonlarni asrash, manzarali daraxtlarning sogʻlom oʻsishini taʼminlash va ekologik muvozanatni mustahkamlash maqsadida qator agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Oʻrmonchilik va landshaft dizayn hamda Oʻsimliklar himoyasi va karantini kafedralari professor-oʻqituvchilari hamkorligida manzarali daraxtlarni qishki tinim davrida oziqlantirish ishlari tashkil etildi. Tadbir jarayonida daraxtlarning biologik xususiyatlari hamda hududning tuproq-iqlim sharoitlari inobatga olinib, fosforli va kaliyli mineral oʻgʻitlar, shuningdek, ekologik toza organik oʻgʻit — biogumusdan foydalanildi. Ushbu oʻgʻitlar ildiz tizimini mustahkamlash, sovuqqa chidamlilikni oshirish va daraxtlarning bahorgi vegetatsiya davriga sogʻlom holatda kirib kelishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishki tinim davrida amalga oshiriladigan bunday oziqlantirish ishlari daraxtlarning keyingi rivojlanish bosqichida muhim ahamiyat kasb etib, ularning barg chiqarishi, gullashi va umumiy manzaradorligini sezilarli darajada yaxshilaydi. Biogumusdan foydalanish esa tuproq unumdorligini oshirib, foydali mikroorganizmlar faolligini kuchaytiradi.
Kelgusida universitet hududida yashil hududlarni kengaytirish, manzarali oʻsimliklarni parvarishlash va ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan bunday tadbirlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlar:
Shuningdek o'qing



