Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida ilgari surilgan har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” deb e’lon qilish tashabbusi amalda o‘z ifodasini topmoqda.
Jumladan, Toshkent davlat agrar universitetida “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi rahbariyati hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolarining talaba-yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirni Toshkent davlat agrar universitetining Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori J. Lapasov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tadbirda “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosarlari Ozoda Parpibaeva va Islom Hamroev, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiev ishtirok etib, yoshlarni partiya faoliyati hamda qonun ijodkorligi jarayonlari bilan yaqindan tanishtirdilar. Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish hamda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan Farmoni mazmun-mohiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ozoda Parpibaeva o‘z nutqida ushbu hujjat inson huquqlarini ta’minlash, ayniqsa erta turmushning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ochiq muloqot davomida talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, fikr va takliflarini bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur tadbir yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Bu esa davlat siyosatida ochiqlik va muloqot tamoyillari ustuvor ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ijtimoiy tarmoqlar:



