Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida ilgari surilgan har haftaning payshanba kunini “Yoshlar kuni” deb e’lon qilish tashabbusi Toshkent davlat agrar universitetida amalda o‘z ifodasini topmoqda Jumladan, bugun universitet rektori N. Oblomuradov boshchiligida “Yoshlar kuni” doirasida xorijiy tillarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Ochiq muloqotda rektor xorijiy tillar bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilarning bilim darajasini CEFR hamda IELTS kabi xalqaro baholash tizimlari asosida mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xorijiy tillarni o‘qitishda zamonaviy metodlarni qo‘llash, talabalarni xalqaro sertifikatlarga samarali tayyorlash, yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish kabi muhim masalalar yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Ayniqsa, talabalar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Jumladan, universitetda talabalar tashabbusi bilan o‘quv kurslari tashkil etish, har bir fakultetda kamida bittadan til o‘rganish guruhi ochish taklifi rektor tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, talabalar tomonidan rus tili, turk tili va nemis tillari bo‘yicha ham alohida o‘quv kurslarini tashkil etish taklifi bildirildi va bu tashabbuslar ijobiy baholandi.
Muloqot yakunida bildirilgan takliflarni tizimli o‘rganish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi. Zero, aynan yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish agrar sohaning kelgusi taraqqiyotini belgilovchi muhim omildir.
Ijtimoiy tarmoqlar:



