logouzqora
  • uzbekistan
  • uzbekistan

QARAG‘AY KO‘CHATLARINI YETISHTIRISH UCHUN TAVSIYALAR

view 184

Ninabargli o‘simliklarning ko‘chatlari odatda uch xil usulda yetishtiriladi: urug‘dan, vegetativ yo‘l bilan va payvandlash orqali. Qarag‘ay uchun eng yaxshi natijalar faqat urug‘dan ko‘paytirishda olinadi. Vegetativ yoki payvandlash usullari esa yetarli darajada samara bermaydi. O‘bekiston sharoitida asosan uch xil qarag‘aylardan ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmon barpo qishda foydalaniladi. Bular Oddiy qarag‘ay, Qrim qarag‘ayi va Eldor qarag‘ayi. Barcha turdagi qarag‘aylar urug‘dan ko‘paytirish murakkab bo‘lmagan jarayondir. Buning uchun yetilgan, yangi urug‘lar kerak bo‘ladi, ular esa daraxtdagi qubbalarda (shishkalarda) joylashgan bo‘ladi. Qarag‘ay turiga qarab oktabr oxiri — noyabr boshida qubbalarni yig‘ish lozim. Shu paytda urug‘lar to‘liq pishib, ekishga tayyor bo‘ladi. Faqat shoxlarda osilib turgan qubbalarni yig‘ish tavsiya qilinadi, chunki yerga tushgan qubbalar odatda ochilib bo‘lgan va urug‘lari shamol orqali tarqalgan bo‘ladi. Terib olingan qubbalarni qog‘oz yoki mato ustiga yoyib, isitish qurilmalari (radiator, pechka va boshqalar) yonida quritiladi. Bu qubbalarni ochilishi va urug‘larni tashqariga chiqarishi uchun kerak. To‘liq qurgan qubbalardan urug‘larni osonlik bilan olish mumkin. Turli daraxtlardan urug‘ yig‘ish yaxshi natija beradi, chunki shunda o‘stirish uchun eng sifatli urug‘larni tanlash mumkin. Urug‘larning yaxshi chiqishi uchun sifatli va sog‘lom urug‘lar juda muhimdir.
Qarag‘ay urug‘larini saqlash. Urug‘lar quruq va salqin joyda, qattiq yopilgan shisha idishlarda saqlanadi. Ekishdan 2–3 oy oldin urug‘lar idishdan chiqariladi va sifatsiz urug‘lar ajratib olinadi. Urug‘larning chiqishini tekshirish uchun ularni suvga soling. Suv yuzasida suzib yurgan urug‘larning chiqishi kamroq bo‘ladi. Keyinchalik urug‘larni stratifikatsiya qilish tavsiya etiladi — bu urug‘ po‘stining yumshashi va chiqish ko‘rsatkichining oshishi uchun kerak. Buning uchun urug‘lar 0,5% marganets eritmasida 30 daqiqa davomida ushlab turiladi, so‘ngra toza suvda yuvilib, bir sutka namlanadi. Keyin urug‘lar nam qumga solinib, yupqa xaltachaga joylashtiriladi va taxminan 1 oy davomida muzlatgichda saqlanadi. Lekin urug‘larni sifatlisini ajratib, 12-24 soat davomida ivitgan xolda ekishga tayyorlash mumkin. Bu xam yaxshi natija beradi. Urug‘larni ekishga tayyorlash. Ekish uchun idish va tuproq oldindan tayyorlanadi. Tuproq yengil bo‘lishi, unumdorligi yuqori bo‘lishi shart emas. Oddiy daryo qumi ishlatiladi, u 200 daraja haroratda 20 daqiqa davomida isitilib, barcha bakteriyalar va mog‘or sporalari yo‘q qilinadi. Urug‘lar aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida issiqxonaga ekiladi. Tuproq ustiga 2 sm qalinlikgacha tuproq qatlamini solish mumkin va urug‘lar vertikal holatda, uchi pastga qarab, biroz bosib ekiladi. So‘ngra ustidan yangi tushgan ignalar 1–1,5 sm qalinlikda yoyiladi. Keyin urug‘lar yaxshi sug‘oriladi yoki purkagich bilan namlanadi va issiqxona plyonkasi yoki ramkalar bilan qoplanadi. Urug‘larning chiqishi 8 kundan boshlab bir oy davom etishi mumkin.
Urug‘larni qubbalardan ajratish va ekishga tayyorlash
Urug‘larni ochiq tuproqqa ekish. Bahorda urug‘larni ochiq tuproqqa ekish mumkin. Barcha ishlar issiqxonadagi kabi bajariladi, faqat ekilgan joy agroto‘qima bilan yopiladi, shunda shamol va yomg‘ir tuproq yuvib ketmaydi. Quyoshning bevosita nurlari tushmasligi uchun ustidan yumshoq mato yoki ipak to‘qima yoyiladi. Avgust o‘rtalarida issiqxona ramkalari va qoplamalar olib tashlanadi, qishda esa urug‘ ekilgan o‘simliklar quruq barglar bilan yopiladi. Ko‘chat yetishtirilayotgan tuproq doim mo‘tadil namlikda ushlab turiladi. Issiq havoda ko‘proq sug‘orish kerak bo‘ladi. Haddan tashqari namlik urug‘larning chirishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun issiqxonalar va qoplamalar kuniga 1–3 marta shamollantiriladi. Yoz davomida ko‘chatlar uch martadan maxsus ignabargli o‘simliklar uchun mo‘ljallangan o‘g‘it bilan oziqlantiriladi, o‘g‘itlash va sug‘orish bir vaqtda amalga oshiriladi.Ko‘chatlarni ko‘chirish. Urug‘dan chiqqan ko‘chatlar 2–3 yil o‘tib bahorda 30–50 sm masofada alohida joyga ko‘chiriladi. Bu ish juda ehtiyotkorlik bilan, ildizlarni shikastlamaslik kerak. Ko‘chirish paytida ildizlarni silkitish mumkin emas, chunki ildizlardagi mikoriza o‘simlikning yaxshi o‘sishi uchun zarur. Ko‘chirishdan oldin ildizlarni bog‘ tuprog‘i va gumus aralashmasiga (2:1 nisbatda) botirish tavsiya qilinadi. Ba’zi o‘rmonchilar ildiz tizimini biroz kesib, ildizlarning faol o‘sishini rag‘batlantiradi, ammo bu ishni faqat tajribali odamlar amalga oshirsa maqsadga muofiq bo‘ladi. Ko‘chat shunday ekilishi kerakki, uning ildiz bo‘yni (ildizdan shoxga o‘tish qismi) tuproq sathidan 3–4 sm tepada joylashsin. Yangi joyda ko‘chatlar taxminan 4 yil davomida parvarishlanadi: haftasiga bir marta sug‘oriladi, tuproq yumshatiladi, begona o‘tlar yo‘q qilinadi va organik yoki mineral o‘g‘itlar beriladi. Ko‘chirishdan keyingi ikkinchi yil bahorda, ko‘chatlar o‘sishidan oldin, 1 kvadrat metr maydon uchun 500 g chirigan go‘ng, 25 g superfosfat va 10 g kaliynitrat aralashmasi beriladi. O‘g‘itlar teng taqsimlanib, 10 sm chuqurlikda tuproqqa aralashtiriladi va sug‘oriladi. 6–7 yoshli qarag‘ay ko‘chatlari doimiy joyga bahor yoki erta kuzda ekiladi. Ularning ildizlari yuza joylashganligi sababli ko‘chirishga yaxshi moslashadi.
Payvandlash orqali ko‘paytirish:
Qarag‘ayni payvandlash orqali ko‘paytirish mumkin. Bu usul ona daraxtning barcha xususiyatlarini avlodlarga o‘tishini ta’minlaydi. Payvandlash uchun 4–5 yoshdagi o‘simliklar payvantag sifatida tanlanadi, payvandustlar esa 1–3 yoshli novdalardan olinadi. Barcha ignalar kesilib, faqat payvandtagning yuqori qismidagi ignalar qoldiriladi. Payvandtagda yon shoxchalar va uzun novdalar qolmasligi kerak. Payvandlash o‘simliklar vegetatsiya davri boshlanmasdan oldin amalga oshiriladi, ammo yozning o‘rtalarida ham bajarish mumkin. Bahorda payvandlash o‘tgan yilgi novdaga, yozda esa joriy yil novdaga payvand qilinadi. Odatda payvandlash sifatida yonma-yon usuli ishlatiladi. Bu usul faqat tajribali o‘rmonchilar uchun tavsiya qilinadi.
Qarag‘aylarni payvand qilish va ayrim zararkundalar bilan zararlanishi:
Qarag‘ay kasalliklari va zararkunandalari. Agar qarag‘ay ignalari qisqarib, oqarib, ustida oq tuklar paydo bo‘lsa, bu — qarag‘ay hermesi deb ataluvchi bitning bir turi joylashganidan dalolat beradi. Bu zararkunandani yo‘qotish uchun may oyida shoxlarini Aktellik yoki Rovikurt eritmasi bilan purkash kerak. Qarag‘aylarda kulrang rangli qarag‘ay biti ham mavjud bo‘lib, uning oldini olish uchun may oyida Karbofos bilan purkash tavsiya etiladi (30 g 10 litr suvga). 10 kundan so‘ng purkashni takrorlash kerak.
Ignabarglar va shoxlarning to‘kilib ketishi — bu shitovka (qattiq himoya qobig‘i bor bit) belgisidir. Buni yo‘qotish juda qiyin, chunki urg‘ochilari maxsus qobiq bilan himoyalangan bo‘ladi. Shuning uchun may-iyun oylarida, lichinkalar chiqqan vaqtda, daraxtlarni Akarin bilan ishlov berish kerak (30 g 10 litr suvga). Uchlari qurib qolishi, o‘sishning kamayishi, ignalarning xiralashuvi — bu qarag‘ay tagteri klogi (podkornyy klop) belgilaridir. U ignabarg to‘kintilari orasida qishlaydi, shuning uchun kuzda va erta bahorda daraxt tagiga dust (25 g har bir daraxtga) sepish kerak. May oyida chiqqan lichinkalarga qarshi Aktellik (15 g 10 litr suvga) bilan ishlov beriladi. Har bir daraxtga 0,25 litr eritma yetarli.
Agar may oyida ignalar qizg‘ish-jigarrangga aylansa, quriy boshlasa, to‘kilib tushsa, kurtaklar o‘smasa, yozda esa novdalar qurib, silliq yara va smola ajratuvchi joylar paydo bo‘lsa — bu qarag‘ay raki kasalligi belgisidir.
Davolash — butun mavsum davomida ishlov berish: aprel oxiri, may oxiri, iyul boshida va sentabrda. Ishlov berish uchun Fundazol yoki Antio ishlatiladi (20 g 10 litr suvga).
Qishda iliq kunlarda ham purkash foydali — bu holatda Karatan (20 g 10 litr suvga) preparati ishlatiladi.

O‘rmonchilik va landshaft dizayn
kafedrasi dotsenti J.M.Jurayev


Shuningdek o'qing

1930-yilda Oʻrta Osiyo universitetining qishloq xoʻjaligi fakulteti negizida Oʻrta Osiyo qishloq xoʻjaligi instituti tashkil etildi. Bu institut 1934—1991-yillarda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti nomi bilan faoliyat koʻrsatdi. 1991-yilning aprel oyida Toshkent davlat agrar universiteti maqomi berildi.